Sayt haritasi

Hozir saytda

Hozirgi vaqtda 341  mehmonlar saytda va bironta ham ro'yhatdan o'tganlar yo'q

Tadbirkorga qonun madadkor

– Men tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanaman. Sizdan iltimos, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo’jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzganlik uchun belgilanadigan javobgarlik to’g’risida ma’lumot bersangiz.

B. ALIEV.

Qashqadaryo viloyati.

– O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-55-moddalarida jamiyatning iqtisodiy negizlari belgilangan bo’lib, unda «Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi» deb ko’rsatilgan.

Darhaqiqat, mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, aholining hayot darajasini yaxshilashda tadbirkorlikning o’rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati har tomonlama qo’llab-quvvatlanib, bu borada ko’plab imtiyoz va preferentsiyalar berilmoqda. Xususiy sektorning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoyalashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar yildan-yilga takomillashtirilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Farmonida belgilangan asosiy g’oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida 2015 yil 20 avgustda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulk­ni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi qonun bilan mamlakatimizda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko’tarildi.

Ushbu qonunga asosan O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi yangi XVI1 bob bilan to’ldirildi. Mazkur bobda tadbirkorlik faoliyatiga to’sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan.

Jumladan, 2412-moddasiga ko’ra, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo’jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o’tkazish mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham yuqorida ta’kid­langan qonun bilan XIII1 bob kiritildi. Unga ko’ra, tadbirkorlik faoliyatiga to’sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog’liq jinoyatlar hamda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar uchun 11 ta modda bilan javobgarlik belgilangan.

Xususan, Jinoyat kodeksining 1922-moddasiga binoan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo’jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o’tkazish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilgan bo’lsa, eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. O’sha harakatlar ko’p miqdorda zarar etkazgan holda; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo’lsa, eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash nazarda tutilgan.

Mazkur moddaning birinchi qismida keltirilgan harakatlar juda ko’p miqdorda zarar etkazgan holda;  uyushgan guruh manfaatlarini ko’zlab sodir etilgan bo’lsa, eng kam oylik ish haqining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash belgilangan.

Umuman olganda, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlari yaratilgan bo’lib, ushbu sub’ektlarning faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki to’sqinlik qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo’ladi.

 

Qonunchilik targ`iboti
Ohirgi o'zgarish: 26.12.2016 22:34