Sayt haritasi

Hozir saytda

Hozirgi vaqtda 480  mehmonlar saytda va bironta ham ro'yhatdan o'tganlar yo'q

Osoyishtalik posbonlari –xalq xizmatkori

Bosh qomusimizning 2-moddasida «Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar», deyilgan. Ana shu mas’uliyatning namoyon bo’lish shakllaridan biri odamlarning arzu shikoyatlariga quloq tutish, mushkulini oson qilish hisoblanadi. Konstitutsiyamizdagi har bir shaxs bevosita o’zi yoki boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi haqidagi qoidadan kelib chiqib 1994 yil 6 mayda «Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida»gi qonun qabul qilingan edi.

Lekin vaqt o’tishi bilan ushbu qonun davr talabiga to’laqonli javob bermay qoldi. Shu sababdan 2014 yilning 3 dekabrida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida»gi qonun qabul qilindi. O’zbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 31 martdagi 73-sonli qarori bilan esa «Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to’g’risida»gi namunaviy nizom tasdiqlandi. Mazkur qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respub­likasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyruqlari asosida 2015 yilda IIVda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi yaratildi. Bu masala IIV Hay’atining majlislarida muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etib borilyapti.

Ma’lumki, joriy yilning 25 sentyabrida internet tarmog’ida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi tashkil etilgan edi. Ushbu qabulxona orqali IIVga kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash uchun vazirlikda ishchi guruh tashkil etildi. Shu yilning 27 oktyabrida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Vazirlik va idoralar, xo’jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar va tumanlari hokimlarining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuni talablarini so’zsiz bajarish yuzasidan javobgarligi to’g’risida»gi qaror qabul qilingach, IIV Markaziy apparatidagi ishchi guruh tarkibi sohaviy xizmatlar, Qoraqalpog’iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB, viloyatlar va Transportdagi IIBdan bir nafardan tajribali va malakali xodim ajratish hisobiga kengaytirildi. Bundan tashqari, xuddi shunday ishchi guruhlar joylarda, ya’ni Qoraqalpog’iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB, viloyatlar hamda Transportdagi IIBda ham tashkil etildi.

Vazirlik rahbariyati tomonidan haftada kamida bir marta murojaatlarni ko’rib chiqish amaliyoti o’rganilib, kamchilik­larni bartaraf etish choralari ko’rilmoqda. Bu borada loqayd­likka yo’l qo’ygan xodimlar intizomiy jazoga tortilmoqda. IIVning barcha tizimlarida «Ishonch telefonlari» ishlab turibdi. Vazirlikning internet tarmog’idagi veb-sayti orqali murojaat qilish tizimini takomillashtirish, murojaatlarni ko’rib chiqish amaliyotini interaktiv shaklda o’tkazish yuzasidan ham ish olib borilyapti.

Shu o’rinda Toshkent shahar IIBB hamda Xorazm viloyati IIBda ushbu yo’nalishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida alohida to’xtalib o’tishni istardik. Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi rahbariyati uchun poytaxtimizning turli tumanlarida sayyor qabullar o’tkazish odatiy holga aylangani nashrlarimizda keng yoritilgan edi. Jumladan, Chilonzor, Sergeli va Bektemir tumanlarida o’tkazilgan qabullar chog’ida murojaat etuvchilarning muammolari hal etilishi barobarida, ular turli-tuman firibgarlarning hiyla tuzog’iga ilinib qolmaslik borasida ogohlantirildi. Olmazor tumanida bo’lib o’tgan sayyor qabul chog’ida esa yig’ilganlarning dastlabki tergov harakatlari bilan bog’liq savollariga atroflicha javob qaytarildi. Ushbu jarayonda tergov sohasidagi mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yo’llari belgilab olindi.

Xorazm viloyatida ham tasdiqlangan rejaga muvofiq Ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosarlari hududlarga chiqib, jismoniy va yuridik shaxslarni, ularning vakillarini qabul qilayotganliklari haqida gazetalarimiz orqali xabar berilgandi. Bunday sayyor qabullardan ko’zlangan asosiy maqsad odamlarga qulaylik yaratish, ularning muammolarini joyida, tezkorlik bilan hal etishdan iborat. Boshqarmada va uning quyi tizimlarida murojaatlar borasidagi qonun hujjatlari hamda IIVning buyruq va ko’rsatmalari talab­larini buzganlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo’llanilayotgani xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirmoqda.

O’zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoev Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi «Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlashyurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi» nomli ma’ruzasida: «Yaqinda bo’lib o’tgan saylovoldi uchrashuvlarida men bir narsaga amin bo’ldim. Biz keyingi paytlarda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo’ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o’ringa tushib qoldi», – deya ta’kidladi.

Ushbu so’zlardan ko’rinib turibdiki, bu borada qilgan ishimizdan qiladigan ishlarimiz hali juda ko’p. Demak, ichki ishlar organlari rahbarlari faqat murojaat bo’lishini kutib o’tirmasdan, o’zlari odamlar ichiga kirib borishlari, aholi bilan uchrashib, ularni qanday muammolar qiynayotganini so’rab-surishtirishlari lozim.

Ma’ruzada hamda Shavkat Mirziyoevning O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag’ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo’shma majlisidagi nutqida  2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etilishi aytildi. Rahbar yil davomida vaqti-vaqti bilan odamlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning dardu tashvishidan boxabar bo’lib borsa, ularni qiynayotgan masalalarga echim topsa, yil so’ngida aholi oldida yorug’ yuz bilan hisobot bera oladi. Qolaversa, hisobot yuzasidan muhokama, savol-javoblar asnosida xalqning o’zi boshchilik qilayotgan organ faoliyatiga bahosini, mavjud kamchiliklarni bilib oladi. Bu esa kelgusi faoliyatda yana qaysi masalalarga e’tibor qaratish lozimligini ko’rsatadi.

Shu o’rinda, ma’ruza va nutqning yana bir jihatiga diqqatni qaratmoqchi edik. Ularga muvofiq endi har bir tuman va shaharda «Xalq qabulxonalari» tashkil etiladi. Bunday qabulxonalarning siyosiy partiyalar tizimida faoliyat ko’rsatishi esa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ustidan jamoatchilik nazorati kucha­yishini anglatadi. Ichki ishlar organlari ham bundan mustasno emas, albatta.

Ana shunday bir sharoitda samarali faoliyat ko’rsatishning, zimmadagi vazifani to’la-to’kis ado etishning yagona yo’li xalq bilan muloqot qilish, odamlar qalbiga quloq tutishdir. Ana shundagina «Inson manfaati har narsadan ulug’» degan ezgu g’oyaning ro’yobiga erishamiz. Shavkat Mirziyoevning O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag’ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo’shma majlisidagi nutqida  «Davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari qanday himoya qilinayotganini, ularga davlat xizmatlari ko’rsatishning sifati va ochiqligi biz uchun asosiy mezon bo’lishi shart. Shu borada bir fikr­ni yana takrorlab aytmoqchiman: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak», deya  ta’kidlangan. Ushbu so’zlar barcha ichki ishlar organlari xodimlari uchun kelgusi faoliyatlarida dasturulamal bo’lishi lozim.

Qobuljon ShOKIROV

Qonunchilik targ`iboti
Ohirgi o'zgarish: 26.12.2016 22:35