Sayt haritasi

Bizga qo'shil

Saytdagi so'ngi va ommabop yangiliklar haqida bilmoqchimisiz?

Hozir saytda

Hozirgi vaqtda 912  mehmonlar saytda va bironta ham ro'yhatdan o'tganlar yo'q

Qalbaki pullar

Dang’aralik Mahmudxo’ja aka turmush o’rtog’i bilan maslahatlashib, qo’rasidagi qo’ylardan ikkitasini bozorda sotadigan bo’ldi. Shu maqsadda kechasi ikkilarda qo’ylarini etaklab, Pop tumanidagi mol bozoriga yo’l oldi.
Mahmudxo’ja aka tungi uchlarda kirib kelganida bozor avjida edi. Bir-ikki so’rab keluvchilardan keyin qo’ylarga ikki yosh yigit xaridor bo’ldi.
— Qancha so’rayapsiz, amaki? — dedi ulardan biri.
— Besh yuz mingdan deyapmiz, so’rayverasiz-da, o’g’lim.
— Amaki, dangalini aytaman, ikkoviga 700 ming beraman, — yigit shunday degancha Mahmudxo’ja akaning qo’lini siqib siltay boshladi. — Baraka topayinmi?
— Yo’q, bo’lmaydi.
— Ha, deng, amaki, baraka topay...
Biroz o’tgach, 800 ming so’mga savdolashildi. Yigitlar kelishilgan summani taxi buzilmagan 5000 so’mlik kupyuralarda berib, qo’ylarni etaklagancha ketishdi. Mahmudxo’ja aka esa pulni yirik kupyurada olganiga xursand bo’lib, bozor-o’char qilishga kirishdi. Lekin birinchi do’kondayoq uning xursandchiligidan asar ham qolmadi. Sotuvchi u bergan pullarni bir-ikki aylantirib ko’rib, o’ziga qaytarib berdi:
— Amaki, pullaringiz qalbaki-ku!
— Nega qalbaki bo’ladi? Hozirgina sotgan qo’ylarimning pullari bu.
— Unda sizni chuv tushirishibdi. Qarang, hammasining raqami bir xil.
Mahmudxo’ja aka pullarni olgancha tezda mol bozoriga yugurdi. Biroz oldin sotgan qo’ylari va ularni sotib olgan yigitlarni izladi, lekin...
Yarim tun. Shirin uyquda yotgan Anvar ilkis uyg’onib ketdi. Boshini ko’tarib, sukunatga quloq tutdi. Tashqaridan kimningdir ovozi eshitildi. Elkasiga choponini tashlab eshikka chiqqanida yonilg’i idish ko’targan bir yigit turardi.
— Assalomu alaykum, aka! Kechirasiz, kech bo’lganda bezovta qildik, — yigit shunday degancha mulozamat qildi.
— Hechqisi yo’q.
— Aka, tashqariga osib qo’yilgan baklajkani ko’rib, shu erda benzin sotilsa kerak, deb to’xtagandik.
— Ha, benzin bor. Qancha olasiz.
— 20 litrcha kerak edi.
Hash-pash deguncha Anvar ular aytgan benzinni yonilg’i idishga quydi. Endi pulni olishga chog’lanib turgan bir paytda notanish yigit:
— Aka, shu yaqin o’rtada dizel yonilg’isi sotadiganlar yo’qmi? Katta yuk mashinamizning yonilg’isi tugab, Yangiqo’rg’on tomonda to’xtab qoldi. Shunga olib borishimiz kerak, – dedi.
— Agar ko’proq olamiz desanglar, o’zimda ham bor.
— Ie, shunday deng, aka. Juda yaxshi bo’lardi-da. 100 litr olamiz. Shuncha chiqadimi?
Nargiza erining qaytib kelmaganidan xavotir olib, tashqariga fonar ko’tarib chiqqanida Anvar ikki yigit qurshovida yonilg’i idishlarga dizel yonilg’isi quyib berayotgan edi. Katta miqdorda yonilg’i sotilayotganidan xursand bo’lgan er-xotin yigitlarning xohishini bir zumda ado etishdi. Hatto Anvar oxirgi yonilg’i idishni tashqariga ko’tarib chiqib, ularning «Damas» avtomashinasi yukxonasiga joylashtirilishiga ham yordam berdi.
Hamma ish bitgach, oq-sariqdan kelgan yigit haydovchiga «pulni olib ber», dedi. U tezda mashinadan elim xaltaga o’ralgan narsani olib, unga uzatdi. Uning ichida bir taxlam pul bor edi.
— Xo’sh, biz sizga 480 ming so’m berishimiz kerak. Bundan 20 ming olsak...
— Agar besh mingtalik bo’lsa pachkani buzmay qo’ya qoling, — dedi yigitlarning harakatini kuzatib turgan Anvar. — Mana, men sizga yigirma ming so’m beraman.
Yaxlit bir taxlam besh ming so’mlik pullarni qo’liga olgan Anvar har ehtimolga qarshi uni sanashga tushdi. Shu payt yigitlardan biri uni gapga tutdi:
— Aka, telefon raqamingizni ayting, yana kerak bo’lsa, sizga qo’ng’iroq qilib kelaveramiz.
Anvar pul sanashdan to’xtab, telefon raqamini aytdi.
— Aka, telefoningizga gudok tashlab qo’ydim.
— Ismingiz kim?
— Elyor. Yana kelamiz, nasib qilsa.
Er-xotin uyga qaytib kirgach, Anvar bir taxlam pulni sanab yana rohatlangisi keldi. Chiroq yorug’ida sanay turib, pullarning rangi boshqacharoq ekanini angladi. Ko’zlariga ishonmay pulning u yoq, bu yog’ini aylantirib ko’rdi. Raqamlarini solishtirdi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, kupyuralarning raqami bir xil edi. Anvar shu damda nima qilishni, qanday chora ko’rishni bilmay qoldi. Huquq-tartibot idoralariga xabar berayin desa, o’zi noqonuniy faoliyat ko’rsatgan, yana vaqt yarim kechasi bo’lsa...
Oradan ikki kun o’tdi. Boshqa chora topolmagach, u ichki ishlar organiga xabar berishga majbur bo’ldi.
Qalbaki pul muomalasi bilan bog’liq holatlar yuzasidan jabrlanuvchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari tomonidan zarur chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Surishtiruv-qidiruv tadbirlari olib borildi. Bozorlar, jamoat joylarida nazorat kuchaytirildi. Ko’p o’tmay sa’y-harakatlar o’z natijasini berdi. Uchko’prik tumanida yashovchi Doston Abdusalomov va Farrux Mamajonov gumon qilinuvchi tariqasida surishtiruvga jalb etildi. Dostonning xonadoni ko’zdan kechirilganida esa u erdan qalbaki 1000 va 5000 so’mlik kupyuralarni yasashda ishlatilgan noutbuk, rangli printer, turli bo’yoqlar va katta miqdordagi qalbaki pullar topildi.
Jinoyat ishi qo’zg’atilib, ish sudga oshirildi. Sud qaroriga ko’ra, milliy valyutamizni soxtalashtirgan, uni yasash, o’tkazish kabi qator jinoyatlarni sodir etgan aybdorlarga tegishli jazo tayinlandi.

Doniyor TESНABOEV,
podpolkovnik.
Foziljon MAMASНARIPOV,
jurnalist.
Farg’ona viloyati.

 

Dolzarb mavzular
Ohirgi o'zgarish: 13.03.2017 17:46