Sayt haritasi

Hozir saytda

Hozirgi vaqtda 338  mehmonlar saytda va bironta ham ro'yhatdan o'tganlar yo'q

O’yinchoqdan o’t chiqsa...

Har gal Yangi yil bayramiga hozirlik ko’rilayotganida ko’pchilikning xayoliga, xalqimiz tili bilan aytganda, paqildoqlar, ya’ni pirotexnika vositalari kelishi tabiiy. Chunki bundan bir necha yillar avval aynan Yangi yil bayrami kunlari pirotexnika vositalaridan foydalanish ommaviy tus olgan, buning oqibatida ko’plab noxush holatlar kuzatilgan edi. Xayriyatki, keyingi paytda bunga chek qo’yildi. Garchi ayni kunlarda paqildoqlar ovozi onda-sonda eshitilib turgan bo’lsa-da, ularning ayanchli oqibatlarini fuqarolarimiz, ayniqsa, bolajonlarga eslatib o’tish joiz.

Mamlakatimiz qonunchiligida pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo’natish, ulardan foydalanish, shuningdek, yurtimizga olib kirish, olib chiqish va o’tkazish holatlari uchun javobgarlik belgilab qo’yilgan. Shunga qaramasdan, ayrim yurtdoshlarimiz mo’may daromad ilinjida pirotexnika vositalarini respublikamiz hududiga yashirincha olib kirish va sotishga urinishadi. Albatta, voyaga etmagan farzandlarimiz paqildoqlarni osmondan olishmaydi. Ularni biz – kattalar sotib olib beramiz. Bu orqali uddaburon «tadbirkorlar»ning, ta’bir joiz bo’lsa, «tegirmoniga suv quygan» bo’lamiz. Vaholanki, pirotexnika vositalaridan foydalanish ayanchli oqibatlarga olib kelishi barchaga ayon.

– Pirotexnika buyumlari haqida gap ketganda, ko’z oldimga yuz-ko’zi kuygan bolakay keladi, – deydi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining kombustiologiya bo’limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Abdulaziz Fayozov. – O’shanda bolaning ota-onasi paqildoq sotib olib bergani uchun ming pushaymon bo’lishgan edi. Pirotexnika vositalari, ayniqsa, insonning yuz qismiga jiddiy zarar etkazadi, hatto bir umrga ko’r va kar bo’lib qolish ham mumkin. Shuning uchun ham biz – shifokorlar mahallalarda ota-onalarga pirotexnika vositalarining zararli oqibatlari haqida gapirib, uni aynan bolalarga sotib olib bermasliklarini tushuntiramiz.

Toshkent shahar IIBB YoXB va uning quyi bo’g’inlari xodimlari poytaxtimiz mahallalarida, maktab va kollejlarda pirotexnika vositalarini ishlatishning ayanchli oqibatlari to’g’risida suhbatlar o’tkazishmoqda.

– Yaqinda mahallamizda Chilonzor tumani IIB YoXB kichik inspektori, safdor Doniyor Husanov pirotexnika vositalari haqida suhbat o’tkazdi, – deydi «Botirma» mahalla fuqarolar yig’ini raisi Mahmud Qosimov. – Mahalla faollari, ko’chaboshilar bilan maslahatlashib hududimizni nazoratga olishga kelishib oldik. Mahalladoshlarimizdan birortasi farzandiga paqildoq sotib olib bersa, qat’iy chora ko’radigan bo’ldik.

Har bir ish hamjihatlikda amalga oshirilsa, uning natijasi ko’ngildagidek bo’ladi. Pirotexnika vositalari paydo bo’lganda beparvolik qilmasdan ichki ishlar organlariga xabar berilsa, ko’ngilsiz hodisalarning, huquqbuzarlikning oldi olinadi. Buni har bir fuqaro, har bir yurtdoshimiz yaxshi bilishi, anglashi lozim.

 Zebo ARUNOVA

 

Dolzarb mavzular
Ohirgi o'zgarish: 26.12.2016 22:31