Sayt haritasi

Hozir saytda

Hozirgi vaqtda 368  mehmonlar saytda va bironta ham ro'yhatdan o'tganlar yo'q

Ko’rgazma, shartli yong’in va bir olam taassurot

Mamlakatimizda yong’in xavfsizligi kunlari davom etayotgan shu kunlarda joylarda keng ko’lamli targ’ibot tadbirlari, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Davlat yong’in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan «tilsiz yov»ning oldini olish, sodir bo’lgan taqdirda qanday choralar ko’rish lozimligi ko’rgazmali vositalar bilan ko’rsatib berilayotgani aholining bu borada keng tushunchaga ega bo’lishida muhim ahamiyat kasb etayapti. Ayniqsa, ta’lim muassasalarida o’tkazilayotgan bu kabi tadbirlar barcha uchun foydali bo’lmoqda.

IIV yong’in xavfsizligi oliy texnik maktabida bo’lib o’tgan «Ochiq eshiklar kuni»ga ham poytaxtimizdagi bir qator kollej, litsey va maktablardan o’quvchilar tashrif buyurdi. Unda IIV YoXOTM boshlig’ining birinchi o’rinbosari, polkovnik O’. Muzafarov so’zga chiqib, mazkur tadbir tashkil etilishidan maqsad, yuz berishi mumkin bo’lgan yong’inlar tufayli etadigan talafotlar va boshqa ko’ngilsizliklar xususida to’xtaldi. Shuningdek, yong’inlarning kelib chiqish sabab va oqibatlari, ularning oldini olishda e’tibor qaratilishi lozim bo’lgan omillar xususida batafsil tushunchalar berdi.

Tadbir ochiq deb e’lon qilingach, kursantlar tomonidan jo’r ovozda yangragan mardonavor qo’shiq barchaning e’tiborini o’ziga tortdi. Maydonni saf qo’shig’i bilan aylanib chiqqan norg’ul o’g’lonlar ishtirokchilarni to’lqinlantirib yubordi. Shundan so’ng barcha zarur vositalar bilan ta’minlangan yong’in o’chirish avtomobillari namoyish qilindi. O’quvchilar mashinalarning tuzilishi, boshqarish usullarini katta qiziqish bilan kuzatishar, mutaxassislarga o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishardi. Ko’rgazmada ayniqsa, «Sogda–1a» rusumli issiqlik oqimini susaytirish va yong’in o’chirish operatorini himoya qilish qurilmasi ko’pchilikni o’ziga jalb qildi. Ushbu qurilma tuzilishi, uning afzalliklari haqida ma’lumot berayotgan xodim e’tiborimizni tortdi.

— yong’in xavfsizligi bilan bog’liq muammolar bo’yicha ilmiy izlanishlar olib boramiz, — deydi IIV YoXOTM ilmiy-tekshirish markazi ilmiy xodimi, leytenant Baxtiyor Tojiboev. — yong’inlarning oldini olish, sodir bo’lganlarini bartaraf qilishning eng samarali usullarini topib, kursantlarga tushuntiramiz. Ayniqsa, bu ofatdan bolalarning zarar ko’rishi ko’pchilikka ma’lum. Chunki yosh bolalar yong’in sodir bo’lgan paytda qanday harakat qilishni bilmay qoladi. Natijada uyning biror eriga yashirinib olishi tufayli ko’ngilsiz holat yuzaga kelishi mumkin. Shu bois, bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta. Ular yong’in paytida qanday harakatlanish, o’zini yo’qotib qo’ymaslik kabi tushunchalarga ega bo’lishadi. Qolaversa, o’quvchilar bu erda olgan taassurotlarini oila a’zolari, do’stlari bilan o’rtoqlashsa, ko’pchilikning bu boradagi bilimi yanada mustahkamlansa, ko’zlagan maqsadimizga etgan bo’lamiz.

Ta’lim muassasasi kursantlari tomonidan namoyish etilgan yong’in o’chirish amaliy sporti, qo’l jangi, jangovar sambo va boshqa sport turlari bo’yicha ko’rgazmali chiqishi ham ishtirokchilarga manzur bo’ldi. Ruhiy tayyorgarlik yo’lakchasida shartli ravishda hosil qilingan yong’inning bartaraf qilinishini, o’quv minorasining yuqori qavatidan jabrlanganlarning qutqarilishini tomoshabinlar qarsak va olqishlar bilan qarshi oldilar. Eng muhimi, namoyish etilayotgan chiqishlarni o’quvchilar nafaqat tomosha qilishdi, balki o’zlari ham unda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’lishdi. Kursantlar yong’in o’chiruvchilarning jangovar kiyimini belgilangan vaqtda, o’rnatilgan tartibda kiyish usullarini ko’rsatgach, taklif etilgan o’quvchilar ham jangovar kiyimni kiyib ko’rishdi. O’quvchilarga viktorina savollari berilib, to’g’ri javob berganlarga esdalik sovg’alari topshirildi.

IIV yoXOTMning ma’rifat va ma’naviyat markazida esa ushbu ta’lim muassasasining faoliyati bilan bog’liq videorolik namoyish etildi. Shuningdek, yong’inlarning oldini olish maqsadida soha xodimlari tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar, targ’ibot va tashviqot ishlari xususida ham ma’lumotlar berildi.

— Soha xodimlarining faoliya­ti menda katta qiziqish uyg’otdi, — deydi Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 304-umumta’lim maktabining 9-sinf o’quvchisi Ulug’bek Mirzohidov. — yong’in o’chiruvchilik qanchalik mas’uliyatli kasb ekanini chuqur his qildim. Namoyish etilgan ko’rgazmalar, berilgan ma’lumotlardan esa o’zimga tegishli xulosa chiqardim.

Bo’lib o’tgan tomoshalar, ko’rgazmali chiqishlar o’quvchilarda katta qiziqish uyg’otgani, shubhasiz. Buni tadbir so’ngida ularning o’z taassurotlarini bir-biri bilan o’rtoqlashayotgani, munozaraga kirishayotganidan ham bilib olish mumkin edi.

Inomjon RAHIMXO’JAEV,

Dolzarb mavzular
Ohirgi o'zgarish: 26.12.2016 22:33