Sayt haritasi

Hozir saytda

Hozirgi vaqtda 1064  mehmonlar saytda va bironta ham ro'yhatdan o'tganlar yo'q

KAMERALAR XAVFSIZLIKKA XIZMAT QILADI

Avval xabar berganimizdek harakatlanish xavfsizligi yo’nalishidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent shahridagi 115 ta chorrahaga video kuzatuv moslamalari o’rnatilgan edi. Yangi tizim onlayn tizimida ish boshlagan va biz ushbu texnik moslamalar to’liq ishga tushib, jarima qilish mexanizmi ishga tushishidan oldin bu haqda alohida xabar berishni aytgan edik. Mana o’sha kun ham etib keldi. Shu yilning 15 mart kunidan e’tiboran ushbu videokameralar tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarni jarimaga tortish mexanizmi sinov tariqasida ishga tushiriladi. Biz ana shu yangilik to’g’risida O’zbekiston Respublikasi IIV YHXBB boshlig’i, polkovnik Xolmatjon Ahmedovich Saydaliev bilan suhbatlashdik.
-Xolmatjon Ahmedovich, tizimni sinov tariqasida ishga tushirilishining sababi nimada va ushbu yangilikni joriy etishdan ko’zlangan asosiy maqsadlar va tizimning samaradorligi to’g’risida gapirib o’tsangiz.
-Sinov tariqasida ishga tushirilishining sababi shundaki, bu yangilik bizda ilk bor qo’llanilayapti. 15 mart kunidan boshlab qoidabuzarliklar uchun jarima solish to’g’risidagi qaror transport vositasining mulkdoriga jo’natilaveradi. Aynan mana shu ish jarayonida tizimdagi texnikalarning ishlashini nazorat qilib olamiz. Yuzaga keladigan muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko’ramiz. Shu sababli ham sinov tariqasida, deb aytilayapti. Joriy etilayotgan yangilikning asosiy maqsadiga kelsak bu Toshkent shahri ko’chalarida yo’l harakati xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar yordamida  ta’minlashdan iboratdir. Shuningdek, ushbu yangilik yo’l harakati qatnashchilarining yo’l-transport hodisalaridan himoyalanganlik darajasini oshirish, poytaxt ko’chalarining yuqori harakat jadalligi sharoitida yo’l harakatini nazorat qilish, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash, qayd etish hamda profilaktika qilish ishlarini takomillashtirishga qaratilgan. Buning uchun nazorat qilinadigan har bir ob’ekt ya’ni chorraha harakatni nazorat qiluvchi, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlovchi zamonaviy texnik vositalar, intellektual detektorlar, kontrollerlar, videokameralar bilan jihozlandi.
Chorrahalardan olingan barcha ma’lumotlar Markaziy dispetcherlik xizmatiga uzatiladi va bu erdagi elektron tablo hamda videomonitorlarga chiqariladi.     
Tizimga kiritilgan chorrahalardagi svetoforlar ham detektorlardan harakat oqimi to’g’risida olingan ma’lumotlarni qayta ishlash orqali avtomatik tarzda boshqariladi.
Shuningdek, svetoforlar ish faoliyatini optimallashtirish natijasida yo’llarning o’tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi. Natijada transport vositalarining chorrahalar oldida to’xtab turishini 20-25 foizga, transport vositalari dvigatellaridan chiqayotgan zaharli gazlarning 5-10 foizga, yonilg’i sarfini 5-15 foizga kamayishi hisobiga shahardagi ekologik holat ancha  yaxshilanadi.
Yana shuni ham ta’kidlash zarurki, chorrahalardagi vaziyatni masofadan uzluksiz kuzatib borish uchun videokameralar hamda fuqarolar uchun maxsus xizmatlarni, jumladan ichki ishlar, tez tibbiy yordam, yong’in xavfsizligi xizmatlarini  chaqirish uchun maxsus  vositalar o’rnatildi.
-Aytingchi, Qonun bilan ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kiritilishdan ko’zlangan maqsad nima?
-Kiritilgan o’zgartirishlardan ko’zlangan asosiy maqsad transport vositasi haydovchilarining mas’uliyatini oshirish, avtomobil yo’llarida huquqbuzarliklar va yo’l-transport hodisalarini oldini olish, ko’chalarimizda yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish va eng muhimi yo’l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
-2015 yil 10 avgust kuni qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksga qanday qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritildi?
-Ushbu Qonunga ko’ra Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks 2 ta yangi modda bilan to’ldirildi hamda 13 ta moddaga qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritildi.
-Kodeksga kiritilgan 2 ta yangi moddalar haqida  to’xtalib o’tsangiz.
-To’ldirishlarning birinchisi bu Kodeks 171-modda bilan to’ldirildi. Ushbu modda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidalarini buzganlik uchun shaxslarning ma’muriy javobgarligi haqida. Demak, unga ko’ra, maxsus texnika vositalari orqali yo’l harakati qoidalari buzilganlik holati qayd etilganda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori tortilishi belgilangan. Shuningdek, yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo’l harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul bo’lgan shaxsi tortilishi belgilab berildi.
Ikkinchi yangilik bu kodeksga kiritilgan 3091 modda. Bu modda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidabuzarliklariga nisbatan jarima solish tartibini belgilaydi.3091-moddaga ko’ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidabuzarligi bo’yicha jarima solish to’g’risidagi qaror ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz chiqariladi. Jarima solish to’g’risidagi qarorning ko’chirma nusxasi foto va video qayd etish texnika vositalardan olingan materiallarni ilova qilgan holda qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch kun ichida buyurtma pochta jo’natmasi orqali huquqbuzarga yuboriladi.
-Agar o’sha qoidabuzarlik sodir etilgan vaqtda transport vositasining egasi uni haydamagan bo’lsachi? Axir ishonchnoma bilan boshqa bir odam ham haydagan bo’lishi mumkinku, to’g’rimasmi?
-To’g’ri. Qonunda masalaning bu tomoni ham inobatga olingan. Agar ma’muriy javobgarlikka tortish to’g’risidagi qaror ustidan berilgan shikoyatni ko’rib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning g’ayrihuquqiy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori o’ziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo’l harakati qoidabuzarligi uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi. Bu qoidabuzarliklarning oldini olishda juda ham muhim. Sababi endilikda mulkdor ham haydovchini qoidabuzarlik qilmaslikka chaqirib, qoidalarga amal qilish zarurligini eslatib turadi. Ayniqsa, bir-necha transport vositalarini ijara shartnomasi asosida yoki ishonch qog’ozi bilan boshqarishga bergan mulkdorlarning mas’uliyati oshadi. Ularning o’zlari ham qoidabuzarliklarga qarshi kurash boshlashadi. Haydovchilarini doimiy nazorat qilishadi. Shuning o’zi ham qoidabuzarliklar sonini sezilarli darajada kamayishiga sabab bo’ladi. Harakatlanish xavfsizligini ta’minlash samaradorligi ortadi. O’z-o’zidan yo’l-transport hodisalarining soni ham kamayib boradi.
-Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksga kiritilgan o’zgartirishlar nimalardan iborat? Ularning eng asosiylari to’g’risida ham gapirib o’tsangiz.
-Kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismining dispozitsiyasiga kiritilgan o’zgartirishlarga ko’ra, davlat raqam belgilarini ko’rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to’sqinlik qiladigan turli ashyolar o’rnatish va qoplama surtish ham ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo’lishi belgilab qo’yildi. Shuni ham aytish lozimki, shunday holatlar aniqlanganida Kodeksning 291-moddasiga asosan transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga qo’yiladi. Ishni ko’rib chiqish jarayonida bunday  qurilmalar  musodara  qilinib, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorida, mansabdor shaxslarga esa  uch baravaridan besh  baravarigacha  miqdorida  jarima  solinadi.
-Qoplama surtish deganda nima nazarda tutilgan?
-Bu o’zgartirish maxsus texnik vositalardan foydalanayotgan ko’plab davlatlarning tajribasidan foydalangan holda kiritildi. Ularning tajribasini o’rganish jarayonida ayrim haydovchilar qoidabuzarlik uchun jazodan qochish maqsadida davlat raqam belgilarining ustiga turli xil polietilen ashyolarni yopishtirishi yoki har-xil kimyoviy vositalarni surtib olishi, har xil chipli qurilmalarni o’rnatishni ko’rdik. Ana shunday holat bizda ham sodir bo’lmasligi uchun kodeksga shu o’zgartirish kiritildi.
-Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalaridan olingan ma’lumotlar dalil sifatida o’tadimi?
-Ha, albatta. Kodeksning 276-moddasiga kiritilgan o’zgartirishda aynan shu mavzu ko’zda tutilgan. Unga muvofiq avtomatlashtirilgan tizim orqali olingan ma’lumotlar ma’muriy ish bo’yicha dalil sifatida qabul qilinishi belgilab qo’yildi. Shuningdek, hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirilishi sababli maxsus qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy bayonnoma tuzilmasligi haqida ham Kodeksning 283-moddasi to’rtinchi qism bilan to’ldirildi.
-Ma’muriy jazo qo’llash muddatlari qanday bo’ladi?
-Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 36-moddasiga kiritilgan o’zgartirishlarga ko’ra, ma’muriy jazo qo’llash muddatlari ikki oydan bir yilga uzaytirildi. Bundan tashqari, Kodeksning 332-moddasi ikkinchi qism bilan to’ldirilib, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to’g’risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda esa, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to’g’risida xabar berilgan kundan e’tiboran o’ttiz kundan kechiktirmay to’lashi lozimligi haqidagi norma belgilab berildi.
-Agar qoidabuzar ko’rsatilgan ushbu muddatlarda ham jarimani to’lamasa unga nisbatan qanday chora ko’riladi?
-Shunday hollarni nazarda tutgan holda Kodeksning 291-moddasining ikkinchi qismi to’ldirildi. Unga ko’ra, jarima solish to’g’risida qaror chiqargan vakolatli organ rahbari jarima solish haqidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun o’tgach, jarima solish to’g’risidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar transport vositasini vaqtinchalik jarima maydonida ushlab turish to’g’risida yozma ko’rsatma berishi haqidagi qoida belgilab berildi.
-Agar ma’lum bir sabablarga ko’ra qaror bekor qilinsachi, unda qanday yo’l tutiladi?
-Aynan shu mazmunda Kodeksning 321-moddasi uchinchi qism bilan to’ldirildi, ya’ni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidalari buzilganligi bo’yicha ish yangidan ko’rib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligini inobatga olgan holda umumiy asoslarda ko’rib chiqilishi lozimligi mustaxkamlab qo’yildi.
-Ma’lumki, jarimalar qoidabuzarliklarning takroriyligiga qarab belgilanar edi. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidabuzarliklariga ham shu tarzda chora ko’riladimi?
-Qonun qabul qilingunga qadar transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishlari aniqlangan taqdirda ma’muriy ish vakolat doirasida ko’rib chiqish uchun sud idoralariga yuborilishi lozim edi. Endilikda bu turdagi huquqbuzarlik alohida 1283-moddaning 3-qismi qilib ajratilib, eng kam oylik ish haqining etti baravari miqdorida jarima solinishi belgilandi va chora ko’rish vakolati DYHXX mansabdor shaxslariga berildi, uchinchi va to’rtinchi qismlar mos ravishda to’rtinchi va beshinchi  qismlar deb hisoblanib, sud idoralari vakolati doirasida ko’rib chiqilishi belgilandi.
Ta’kidlab o’tdikki, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo’l harakati qoidabuzarliklari yuzasidan to’g’ridan-to’g’ri jarima solish to’g’risidagi qaror chiqariladi. Bunda qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinmaydi.
Agarda chiqarilgan qaror yuzasidan shikoyatni ko’rib chiqish jarayonida ushbu huquqbuzarlikni boshqa shaxs tomonidan sodir etilganligi aniqlanganda, qaror bekor qilinadi va transport vositasini boshqarib, qoidabuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bunda qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinadi.Qisqa qilib aytganda  jarima solish to’g’risidagi qarorga e’tiroz bildirilmasa qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinmaydi, mazkur ishni qayta ko’rib chiqish paytida boshqa shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilsa takroriylik inobatga olinadi.
-Ushbu yangiliklarni hayotga joriy etish, harakat ishtirokchilariga tushintirish bo’yicha qanday chora-tadbirlar ko’rilayotgani haqida ham to’xtalib o’tsangiz.
-Qonun qabul qilingan kundan e’tiboran ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda targ’ibot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari mahallalarda, mehnat jamoalarida o’tkazilayotgan uchrashuv va suhbatlar chog’ida ham yangi tizimning afzalliklari, Qonunga kiritilgan qo’shimcha va o’zgartirishlar harakat ishtirokchilariga tushintirib borilayapti. Harakat ishtirokchilari unutmasliklari kerakki Qonunlar kimnidur jazolash uchun emas, balki yo’llarimizda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qabul qilinadi. Uning ijrosini ta’minlash esa har birimizga bog’liq.

Suhbatni Mansurjon Rixsiev yozib oldi.
        

Dolzarb mavzular
Ohirgi o'zgarish: 06.03.2017 10:22