Sayt haritasi

Hozir saytda

Hozirgi vaqtda 472  mehmonlar saytda va bironta ham ro'yhatdan o'tganlar yo'q

Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash

Xizmat nomi

Avtotransport vositalariga va tirkamalariga (yarim tirkamalariga) ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilarini berish. 
(Ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilarini berish, yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki buzilganlari o’rniga yangi ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilarini berish.) 

Xizmatning soxaga tegishliligi

Yo’l harakati xavfsizligi va uni tashkil etish. 

Xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar. 
Jismoniy shaxslarga qarashli: 
Jismoniy shaxslarga qarashli transport vositalari ularning doimiy turar-joylariga, doimiy turar-joyi bo’lmagan taqdirda vaqtinchalik turar-joylariga O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq muomala layoqatiga ega bo’lgan fuqarolar nomiga ro’yxatdan o’tkaziladi. 
Avtotransport vositalari 18 yoshga to’lgan, mototransport vositalari 16 yoshga to’lgan, mototransport vositalari esa 16 yoshga to’lgan shaxslar nomiga ro’yxatdan o’tkaziladi (lotoreya va shunga o’xshash boshqa ommaviy o’yinlarda yutuqqa chiqqan, vasiyatnoma va qonun bilan belgilangan tartibda meros asosida o’tgan avtomototransport vositalari bundan mustasno). 
Respublikada tashqariga o’qishga, ishga, harbiy xizmatga, uzoq muddatli xizmat safariga ketgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga yozma arizalari asosida ularga qarashli transport vositalarini ularning roziligi bilan qarindoshlarning turar-joylariga, shuningdek, egasining avvalgi turar-joy maydoni yashash uchun uning nomida saqlanib qolgan bo’lsa, avvalgi turar-joyiga ro’yxatdan o’tkazish uchun ruxsat etiladi. 
Ayrim sabablarga ko’ra transport vositasining egasi ro’yxatdan o’tkazish bo’limlariga kela olmasa, transport vositasi egasining vakili tomonidan notarial idoralaridan berilgan ishonch qog’ozi va qonuniy sotib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro’yxatdan o’tkaziladi. 
Transport vositalarini harbiy xizmatchilar nomiga ro’yxatdan o’tkazish turar-joyga ro’yxatdan o’tkazilganligi to’g’risidagi ichki ishlar organi yoki uy-joy ajratilganligi to’g’risida harbiy qism tomonidan berilgan ma’lumotnomalarga asosan amalga oshiriladi. 
Yuridik shaxslar: 
Transport vositalari yuridik shaxslar amalda yashayotgan manzilda ro’yxatdan o’tkaziladi. Agar mahalliy hokimiyatlarning qarorlarida ko’rsatilgan bo’lsa, korxonalarga qarashli transport vositalarini ularning yuridik shaxs hisoblanmagan filiallari, bir tizimdagi boshqa bo’lim va bo’linmalari joylashgan erda transport vositasini ijaraga olgan korxona joylashgan erda ro’yxatdan o’tkazishga ruxsat etiladi. Bunday hollarda qayd etish guvohnomasida transport vositasi egasining nomi, uning manzili va qo’shimcha ravishda transport vositasi turadigan joy ko’rsatiladi. 

Xizmatni ko’rsatuvchi IIVning bo’linmasi

Transport vositalarini qayd etish Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari DYHXX boshqarmalarining ro’yxatdan o’tkazish va imtihon olish bo’lim (bo’linma) (keyingi o’rinlarda RIB deb ataladi) lari, tumanlararo ro’yxatdan o’tkazish va imtihon olish bo’lim (bo’linma) (keyingi o’rinlarda TRIB deb ataladi) lari tomonidan amalga oshiriladi.

-Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar (nusxalar soni)

-DYHXX organlarida yuridik yoki jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalari egasi (korxona) ning yozma arizasi hamda qonuniy sotib olinganligini, ro’yxatdan o’tkazish uchun belgilangan yig’imlar to’langanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro’yxatdan o’tkaziladi. 
-Yuridik shaxslar transport vositalarini ro’yxatdan o’tkazishda yuridik shaxsning davlat ro’yxatidan o’tkazilganligi to’g’risidagi guvohnoma nusxasini taqdim etadilar. 
-Yangi tashkil etilgan avtoxo’jaliklarni ro’yxatdan o’tkazish vaqtida transport vositalarini saqlash uchun etarli joy maydoni (garaj, avtosaroy) mavjudligi yoki bunday joy ijaraga olinganligi haqidagi shartnomadan nusxa, hududiy DYHXX organi tomonidan shu joyning ko’rikdan o’tkazilgani to’g’risidagi dallolatnoma taqdim etiladi. 
-O’zbekiston Respublikasi hududida maxsus jihoz va moslamalar o’rnatilgan yoki konstruktsiyasiga o’zgartirishlar kiritilgan transport vositalarini ro’yxatga olishda unga asos bo’ladigan hujjatlarga qo’shimcha ravishda qayta jihozlagan zavod (korxona) tomonidan berilgan hujjatlar (pasport, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi) hamda O’zbekiston Respublikasi IIV DYHXX boshqarmalari tomonidan berilgan konstruktsiyasining harakatlanish xavfsizligi talablariga mosligi haqidagi guvohnoma nusxasi taqdim etiladi. 
- Mustaqil ravishda tayyorlangan transport vositasi uning chizmasi, konstruktsiyasining harakatlanish xavfsizligi talablariga javob berishi haqidagi xulosa, IIV DYHXX boshqarmasining ruxsati va agregatlarning qonuniy xarid etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro’yxatga olinadi.
-Transport vositasining Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan bepul yoki imtiyozli shartlarda berilgan guvohnomasiga "Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining ruxsatisiz hisobdan chiqarilmaydi" deb yozib qo’yiladi.
Nogironlar tomonidan boshqariladigan transport vositalariga qo’l boshqaruvi moslamasini, "Nogiron" belgisini o’rnatish nogironning yozma arizasiga muvofiq ruxsat etiladi va bu haqda qayd etish guvohnomasiga yozib qo’yiladi.
Xizmatni ko’rsatishni huquqiy asosi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 26 maydagi 256-sonli “Avtomototransport vositalarini ro’yxatdan o’tkazish, qayta ro’yxatdan o’tkazish va ularning hisobini olib borish, milliy davlat raqami belgilarini berish va ularni almashtirish ishlarini tartibga solish haqida”gi Qarori. 

Xizmat narxi va to’lash tartibi

1. Avtotransport vositalariga ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilari (keyingi o’rinlarda RO’DRB deb yuritiladi) uchun - eng kam ish haqining 1,5 baravari miqdorida; 
2. Mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun - eng kam ish haqining 75 foizi miqdorida; 
3. Tranzit RO’DRB uchun - eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida; 
4. Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft RO’DRB o’rniga yangi RO’DRB berish uchun - eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida; 
5. Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona RO’DRB o’rniga yangi RO’DRB berish uchun - eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida. 
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 21 dekabrda 2303-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 noyabrdagi 174-son buyrug’i 

Izoh:
-yo’qotilgan RO’DRBlar o’rniga yangisini berish uchun belgilangan to’lov stavkasining 3 baravari miqdorida undiriladi; 
-yo’qotilgan eski namunadagi davlat raqam belgilari o’rniga yangisini berish uchun belgilangan to’lov stavkasining 2 baravari miqdorida undiriladi; 
-transport vositasini ro’yxatdan o’tkazishda RO’DRBlarni saqlab qolish uchun belgilangan to’lov stavkasining 50 foizi miqdorida undiriladi; 
-O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari tomonidan nogironlarga imtiyozli shartlarda berilgan transport vositasiga RO’DRBlarni berish uchun to’lov undirilmaydi. 

Xizmatni ko’rsatish tartibi

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib yoki qabul qilib olinganda va hujjatlarga o’zgartirishlar kiritish lozim bo’lganda, transport vositasining texnik holatidan qat’i nazar, 10 kun mobaynida joylardagi DYHXX organlariga murojaat etilishi shart. 
Notariuslar tomonidan tasdiqlangan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga berish shartnomalari, shuningdek avtomototransport vositalarini ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari va kimoshdi savdolari orqali sotish shartnomasi (bayonnomasi) bir vaqtning o’zida avtomototransport vositasini ro’yxatdan o’tkazgan va hisobdan chiqargan holda sotib oluvchining yashash joyidagi (turgan joyidagi) DYHXX organlarida ro’yxatdan o’tkazilishi kerak. 
Notariuslar tomonidan tasdiqlangan avtomototransport vositalari bilan bog’liq ishonchnomalar, ularni boshqa shaxsga berish va ijaraga berish shartnomalari notarial tartibda tasdiqlangan vaqtdan boshlab 10 kun mobaynida ro’yxatga olish (hisobga qo’yish) uchun taqdim etiladi. Ishonchnomalarni va ijara shartnomasini hisobga qo’yish O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda, to’lov undirilmasdan amalga oshiriladi.

Xizmat nomi

Avtotransport vositalariga va tirkamalariga (yarim tirkamalariga) ro’yxatdan o’tkazish va qayta ro’yxatdan o’tkazish hamda davlat raqami belgilarini berish. 

Xizmatning soxaga tegishliligi

Yo’l harakati xavfsizligi va uni tashkil etish 

Xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar. 
Jismoniy shaxslarga qarashli transport vositalari ularning doimiy turar-joylariga, doimiy turar-joyi bo’lmagan taqdirda vaqtinchalik turar-joylariga O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq muomala layoqatiga ega bo’lgan fuqarolar nomiga ro’yxatdan o’tkaziladi. 
-Avtotransport vositalari 18 yoshga to’lgan, mototransport vositalari 16 yoshga to’lgan, mototransport vositalari esa 16 yoshga to’lgan shaxslar nomiga ro’yxatdan o’tkaziladi (lotoreya va shunga o’xshash boshqa ommaviy o’yinlarda yutuqqa chiqqan, vasiyatnoma va qonun bilan belgilangan tartibda meros asosida o’tgan avtomototransport vositalari bundan mustasno). 
-Respublikada tashqariga o’qishga, ishga, harbiy xizmatga, uzoq muddatli xizmat safariga ketgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga yozma arizalari asosida ularga qarashli transport vositalarini ularning roziligi bilan qarindoshlarning turar-joylariga, shuningdek, egasining avvalgi turar-joy maydoni yashash uchun uning nomida saqlanib qolgan bo’lsa, avvalgi turar-joyiga ro’yxatdan o’tkazish uchun ruxsat etiladi.
-Ayrim sabablarga ko’ra transport vositasining egasi ro’yxatdan o’tkazish bo’limlariga kela olmasa, transport vositasi egasining vakili tomonidan notarial idoralaridan berilgan ishonch qog’ozi va qonuniy sotib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro’yxatdan o’tkaziladi. 
Transport vositalarini harbiy xizmatchilar nomiga ro’yxatdan o’tkazish turar-joyga ro’yxatdan o’tkazilganligi to’g’risidagi ichki ishlar organi yoki uy-joy ajratilganligi to’g’risida harbiy qism tomonidan berilgan ma’lumotnomalarga asosan amalga oshiriladi.
Transport vositalari yuridik shaxslar amalda yashayotgan manzilda ro’yxatdan o’tkaziladi. Agar mahalliy hokimiyatlarning qarorlarida ko’rsatilgan bo’lsa, korxonalarga qarashli transport vositalarini ularning yuridik shaxs hisoblanmagan filiallari, bir tizimdagi boshqa bo’lim va bo’linmalari joylashgan erda transport vositasini ijaraga olgan korxona joylashgan erda ro’yxatdan o’tkazishga ruxsat etiladi. Bunday hollarda qayd etish guvohnomasida transport vositasi egasining nomi, uning manzili va qo’shimcha ravishda transport vositasi turadigan joy ko’rsatiladi.

Xizmatni ko’rsatuvchi IIVning bo’linmasi

Transport vositalarini qayd etish Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari DYHXX boshqarmalarining ro’yxatdan o’tkazish va imtihon olish bo’lim (bo’linma) (keyingi o’rinlarda RIB deb ataladi) lari, tumanlararo ro’yxatdan o’tkazish va imtihon olish bo’lim (bo’linma) (keyingi o’rinlarda TRIB deb ataladi) lari tomonidan amalga oshiriladi. 

Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar (nusxalar soni)

1. Transport vositalari ushbu hollarda qayta ro’yxatdan o’tkaziladi: 
а) Transport vositalarining turgan o’rni yoki egasining yashash joyi o’zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida: 
- belgilangan tartibdagi ariza; 
- texnik hujjat (qayd etish guvohnomasi, texnik pasport, texnik talon); 
- korxona va tashkilotlar transport vositalarining turgan o’rni o’zgarishiga asos bo’lgan hujjat (buyruq, ijara shartnomasi, hokimlik qarori); 
- transportlarning turgan o’rnini hududlardagi DYHXX organlari tomonidan ko’rikdan o’tkazilganligi haqidagi dalolatnoma; 
- fuqarolar uchun shaxsiy pasport yoki uning o’rniga berilgan hujjat. 
b) Tashkilotning nomi, egasining familiyasi, ismi va otasining ismi o’zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida: 
- belgilangan tartibdagi ariza; 
- nomi o’zgarganligini tasdiqlovchi hujjat (buyruq, farmoyish, qaror); 
- fuqarolar uchun shaxsiy pasport, familiyasi, ismi va otasining ismi o’zgarganligini tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik holatini qayd etish organi yoki sud organi tomonidan berilgan hujjat). 
v) egasi o’zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida: 
- belgilangan tartibdagi ariza; 
- notarial idoralari tomonidan berilgan oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, lizing, sublizing shartnomalari, vorislik, meros va mulkka egalik qilish huquqini beruvchi guvohnomalar; 
- sud qarori; 
- O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo’mitasi idoralari tomonidan berilgan order; 
- chetdan keltirilgan va bojxona nazorati ostida turgan transport vositalari uchun bojxona idorasi tomonidan beriladigan maxsus guvohnoma; 
- bir vazirlikka qarashli va bir moliyaviy tizimdagi tashkilotlar uchun yuqori organlarning DYHXX ro’yxatida bo’lgan transport vositalarini balansdan balansga bepul ajratilganligi to’g’risidagi buyrug’idan ko’chirma. 
g) Qayta jihozlash, rangi, raqamli agregatlari o’zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida: 
- belgilangan tartibdagi ariza; 
- raqamli agregatlar qonuniy sotib olinganligi to’g’risida hujjat (hisob-ma’lumotnoma, oldi-sotdi shartnomasi, bojxona guvohnomasi) kirim kassa order iva yuk xati (nakladnoy), avtotuzatish zavodining pasporti, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi); 
- bir zavoda ishlab chiqarilgan, bir-biriga mos keladigan transport vositalarining (VAZ-2101-21011, M-408-412, GAZ-24-2410, shunga o’xshash) ba’zi qismlari (bamper, fara, ogohlantirish yoritgichlari, old va orqa paneli, kapot va qanotlari) o’zgarganda, texnik xizmat ko’rsatish shoxobchalari tomonidan berilgan buyurtma-naryad, ma’lumotnomalar (agar shu ehtiyot qismlar bozordan sotib olingan bo’lsa, bundan tashqari, egasining tushuntirish xati); 
- transport vositasi uy sharoitida mustaqil ravishda bo’yalganda egasining tushuntirish xati. 
д) Qayta jihozlangan transport vositalarini qayta ro’yxatdan o’tkazish, quyidagi hujjatlar asosida amalga oshiriladi: 
yuridik shaxslar uchun: 
- belgilangan tartibdagi ariza; 
- davlat tashkilotlari uchun yuqori tashkilotning buyrug’i, nodavlat tashkilotlari uchun umumiy majlis bayoni yoki qarori (buyrug’i); 
- yaroqsiz, keraksiz ehtiyot qismlar yoki maxsus moslamalar xo’jalik hisobidan chiqarilganligi yoki echib olinganligi to’g’risidagi dalolatnoma; 
- hududiy DYHXX boshqarmalari RIB (TRIB) laridan berilgan xulosa; 
- davlat tashkilotiga tegishli transport vositalari va shaxsiy yuk avtomobillari; avtobus, mo’’jaz avtobuslar uchun hududlardagi mudofaa ishlari bo’yicha bo’limning yozma ruxsatnomasi; 
- qayta jihozlangan transport vositasiga RIB (TRIB) lari tomonidan texnik holat to’g’risida tuzilgan dalolatnoma; 
- o’rnatilgan dvigatelga avtouzatish korxonasi tomonidan berilgan pasport; 
- qayta jihozlangan avtomobilni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi; 
- maxsus moslama o’rnatilgan transport vositalari uchun O’zbekiston Respublikasi IIV DYHXX boshqarmasi tomonidan konstruktsiyasi kelishilganligi to’g’risida berilgan guvohnoma nusxasi. 
Transport vositasi avtotuzatish korxonasi tomonidan qayta jihozlangan bo’lsa, qayd etish guvohnomasida uning qayta jihozlangan vaqti, o’rnatilgan agregat raqamlari haqida shu korxonaning belgisi bo’lishi lozim. 
Shaxsiy foydalanishdagi avtomobillar uchun: 
- belgilangan tartibdagi ariza; 
- raqamli agregatlar va transport vositasiga o’rnatilgn ehtiyot qismlar qonuniy ravishda sotib olinganligi to’g’risidagi hujjat (oldi-sotdi shartnomasi, hisob-ma’lumotnoma), agar bozordan sotib olingan bo’lsa (raqamli agregatlardan tashqari), egasining tushuntirish xati; 
- qayta jihozlangan transport vositasiga RIB (TRIB) lari tomonidan texnik holat to’g’risida tuzilgan dalolatnoma; 
- hududiy DYHXX boshqarmalari RIB (TRIB) laridan berilgan xulosa; 
- texnik xizmat ko’rsatish shoxobchalarining buyurtma-naryadi yoki avtotuzatish zavodlaridan berilgan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi; 
- o’rnatilgan dvigatelga pasport. 
Mustaqil ravishda qayta jihozlangan transport vositalarini qayta ro’yxatdan o’tkazishda egasining yozma tushuntirish xati va texnik xizmat ko’rsatish shoxobchasining shu avtomobil qay darajada to’g’ri qayta jihozlanganligi hamda yo’llarda harakatlanish xavfsizligi talablariga mos kelishi haqidagi ma’lumotnomasi taqdim etiladi. 

2. Transport vositasining hadya shartnomasida yoki meros huquqi guvohnomasida bir necha shaxs ko’rsatilgan bo’lsa, barcha mulk egalarining yozma roziligiga asosan transport vositasi ulardan faqat bittasining nomiga qayta ro’yxatdan o’tkaziladi. 18 yoshga to’lmagan merosxo’r nomidan yozma ruxsatnomani vasiylik va xomiylik idoralari beradi. 

3. Bir vazirlik, idora, tashkilotlarga qarashli va bir moliyaviy tizimdagi bir tashkilot balansidan ikkinchi tashkilot balansiga transport vositalari yuqori idoralarning bepul ajratilganligi to’g’risidagi buyrug’idan ko’chirma asosida qayta ro’yxatdan o’tkaziladi. 

4. Sud yoki bojxona idoralari qarorlari bilan musodara qilingan transport vositalarini mahalliy hokimiyat qarori bilan maxsus ajratilgan savdo shoxobchalari orqali sotishga ruxsat etiladi. Bunday transport vositalari hisob-ma’lumotnoma, sud yoki bojxona idorasi qarori nusxasi asosida texnik hujjat (tex-pasport, qayd etish guvohnomasi) larsiz ro’yxatdan o’tkaziladi. 

5. Ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda saqlash muddati tugagan va egasiz deb topilgan, joylardagi hokimliklar qarorlari bilan davlat hisobiga o’tkazilgan va 4-bandda ko’rsatilgan savdo shoxobchalari orqali sotilgan transport vositalari ularning yangi egalari nomiga hisob-ma’lumotnoma va hokimlik qaroridan ko’chirma asosida texnik hujjat (qayd etish guvohnomasi, texnik pasport, texnik talon)larsiz belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkaziladi. 

Xizmatni ko’rsatishni huquqiy asosi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 26 maydagi 256-sonli “Avtomototransport vositalarini ro’yxatdan o’tkazish, qayta ro’yxatdan o’tkazish va ularning hisobini olib borish, milliy davlat raqami belgilarini berish va ularni almashtirish ishlarini tartibga solish haqida”gi Qarori. 

Xizmat narxi va to’lash tartibi

Avtotransport vositalariga ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilari (keyingi o’rinlarda RO’DRB deb yuritiladi) uchun - eng kam ish haqining 1,5 baravari miqdorida; 
Mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun - eng kam ish haqining 75 foizi miqdorida;
Tranzit RO’DRB uchun - eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida;
Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft RO’DRB o’rniga yangi RO’DRB berish uchun - eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida;
Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona RO’DRB o’rniga yangi RO’DRB berish uchun - eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida.

Izoh: 
-yo’qotilgan RO’DRBlar o’rniga yangisini berish uchun belgilangan to’lov stavkasining 3 baravari miqdorida undiriladi; 
-yo’qotilgan eski namunadagi davlat raqam belgilari o’rniga yangisini berish uchun belgilangan to’lov stavkasining 2 baravari miqdorida undiriladi; 
-transport vositasini ro’yxatdan o’tkazishda RO’DRBlarni saqlab qolish uchun belgilangan to’lov stavkasining 50 foizi miqdorida undiriladi;
-O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari tomonidan nogironlarga imtiyozli shartlarda berilgan transport vositasiga RO’DRBlarni berish uchun to’lov undirilmaydi.


O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 21 dekabrda 2303-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 noyabrdagi 174-son buyrug’i 

Xizmatni ko’rsatish tartibi

Ariza bilan murojaat etgan shaxslarga shu kunning o’zida, tegishli hujjatlar olinib, transport vositalari ko’zdan kechirilib, avtotransport vositalariga va tirkamalariga (yarim tirkamalariga) ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilari beriladi. 

Xizmat nomi

Avtotransport vositasini va tirkamasini (yarim tirkamasini) qayd etish guvohnomasini berish. 

Xizmatning soxaga tegishliligi

Yo’l harakati xavfsizligi va uni tashkil etish. 

Xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar. 

Xizmatni ko’rsatuvchi IIVning bo’linmasi

Avtotransport vositasini va tirkamasini (yarim tirkamasini) qayd etish guvohnomasini berish Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari DYHXX boshqarmalarining ro’yxatdan o’tkazish va imtihon olish bo’lim (bo’linma) (keyingi o’rinlarda RIB deb ataladi) lari, tumanlararo ro’yxatdan o’tkazish va imtihon olish bo’lim (bo’linma) (keyingi o’rinlarda TRIB deb ataladi) lari tomonidan amalga oshiriladi. 

Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar (nusxalar soni)

Yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan davlat raqami belgilari ta’mirlanmaydi. Yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan, shuningdek yo’qolgan davlat raqami belgilari va qayd etish guvohnomalari o’rniga yangilari transport vositasi egasining arizasiga asosan tegishli to’lovlar undirilgandan va raqamli agregatlar tekshirilgandan so’ng beriladi. Yo’qolgan qayd etish guvohnomasi (texpasport) o’rniga yangisi hisob kartochkasidagi ma’lumotlar asosida to’ldiriladi hamda guvohnomaning "Alohida belgilar" bo’limiga "Takroriy" degan belgi qo’yiladi. 
Yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan davlat raqami belgilari o’rniga transport vositasi egasining arizasiga asosan ularning dublikati berilishi mumkin. Dublikatlar Yo’l harakati xavfsizligi davlat xizmati hududiy organlarining buyurtmanomasi asosida tayyorlanadi. Dublikat olingungacha bo’lgan davrga yig’im undirilmasdan ilgari foydalanilgan yaroqli davlat raqami belgilari beriladi. 
Egasi o’zgarganligi tufayli hisobdan chiqarilib olib kelingan transport vositasining qayd etish guvohnomasi (texpasport, textalon) ro’yxatdan o’tkazish bo’limiga murojaat etgunga qadar yo’qolgan bo’lsa, u holda transport vositasi avvalgi hisobda turgan joydagi DYHXX RIB (TRIB) laridan olingan taasdiqnoma asosida ro’yxatdan o’tkaziladi. 
Eski namunadagi qayd etish guvohnomalari (texnik pasportlar, texnik talonlar) transport vositalari egalarining arizalariga asosan umumiy belgilangan tartibda yangi namunadagi qayd etish guvohnomalariga almashtiriladi.
Transport vositalarining Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlar hududidan olib chiqib ketilishi munosabati bilan hisobdan chiqarishda ularni davlat raqami belgilari topshirilib, o’rniga "Tranzit" raqami belgilari beriladi va transport vositasini qayd etish guvohnomasiga hisobdan chiqarish sabablari, kimning nomiga berilganligi, qaerga ketayotganligi va qachon hisobdan chiqarilganligi yozib beriladi.

Xizmatni ko’rsatishni huquqiy asosi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 26 maydagi 256-sonli “Avtomototransport vositalarini ro’yxatdan o’tkazish, qayta ro’yxatdan o’tkazish va ularning hisobini olib borish, milliy davlat raqami belgilarini berish va ularni almashtirish ishlarini tartibga solish haqida”gi Qarori. 

Xizmat narxi va to’lash tartibi

Transport vositasini qayd etish guvohnomasini berish uchun - eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida. 
Izoh: yo’qotilgan transport vositasini qayd etish guvohnomasi dublikatini berish uchun belgilangan to’lov stavkasining 5 baravari miqdorida undiriladi. 
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 21 dekabrda 2303-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 noyabrdagi 174-son buyrug’i 

Xizmatni ko’rsatish tartibi

Ariza bilan murojaat etgan shaxslarga shu kunning o’zida, tegishli hujjatlar olinib, transport vositalari ko’zdan kechirilib, transport vositasini qayd etish guvohnomasini beriladi. 

Xizmat nomi

O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga haydovchilik guvohnomasi va uning talonini berish. 

Xizmatning soxaga tegishliligi

Yo’l harakati xavfsizligi va uni tashkil etish. 

Xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Jismoniy shaxslar. 
O’quv muddati yakunida mototransportni boshqarishni o’rganuvchi 16 yoshga; engil va yuk avtomobillarini boshqarishni o’rganuvchi 18 yoshga; tramvay, trolleybus, avtobuslar va mikroavtobuslarni boshqarishni o’rganuvchi 21 yoshga to’lgan shaxslarga hududiy YHXBning ro’yxatdan o’tkazish-imtihon bo’limida (keyingi o’rinlarda RIB deb ataladi) yoki YHXBBning tumanlararo RIBlarida (keyingi o’rinlarda TRIB deb ataladi) topshirishga ruxsat etiladi. 

Xizmatni ko’rsatuvchi IIVning bo’linmasi

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar doimiy yoki vaqtinchalik turar joylaridagi, majburiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilar esa xizmat joylaridagi hududiy YHXB RIB(TRIB)larida topshiradilar. 

-Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar (nusxalar soni)

Haydovchilik guvohnomasi va uning talonini olish uchun haydovchilikka nomzodlar hududiy YHXB RIB (TRIB)larga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim: 
a) tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarish uchun dasturlar bo’yicha o’qishni tugatganligi haqidagi guvohnomani; 
b) diplom va o’quv dasturidagi fanlarni o’tganligi to’g’risidagi diplom varaqasidan ko’chirmaning notarial idoralari tomonidan tasdiqlangan nusxalari; 
v) 3 x 4 sm (haydovchilikka nomzod fuqaro kiyimida suratga tushirilgan bo’lishi kerak) bo’lgan 2 dona fotosurat; 
d) sog’ligi to’g’risida ma’lumotnoma; 
g) bank muassasalariga topshirish va haydovchilik guvohnomasini olish uchun to’lovlar to’langanligi haqidagi to’lov qog’ozi (to’lovlar miqdori O’zbekiston Respublikasi IIV tomonidan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi); 
e) ta’lim muassasasi tomonidan to’ldirib tasdiqlangan haydovchining imtihon varaqasi va fuqaroning pasporti yoki uning o’rnini bosuvchi boshqa hujjat. 

-Xizmatni ko’rsatishni huquqiy asosi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 2 avgustdagi 156-sonli “O’zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari to’g’risi”da Qarori. 

Xizmat narxi va to’lash tartibi

-Nazariy imtihon topshirish uchun - eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida; 
-Nazariy imtihon topshirish uchun - eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida; 
-Avtomototransport vositalarini, shu jumladan, transport vositalari tarkibini amaliy boshqarishda imtihon topshirish uchun - eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida; 
-Har bir qayta nazariy imtihon topshirish uchun - eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida; 
-Har bir qayta amaliy boshqarishda imtihon topshirish uchun - eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida; 
-Haydovchilik guvohnomasini berish uchun - eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida; 
-Haydovchilik guvohnomasiga ogohlantirish taloni berish uchun - eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida; 
Izoh: yo’qotilgan haydovchilik guvohnomasi va uning ogohlantirish taloni o’rniga dublikat berish uchun belgilangan to’lov stavkasining 5 baravari miqdorida undiriladi. 
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 21 dekabrda 2303-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 noyabrdagi 174-sonli “Ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilarini va qat’iy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni ro’yxatdan o’tkazishda, qayta ro’yxatdan o’tkazishda, majburiy texnik ko’rikdan o’tkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan to’lovlar stavkalarini tasdiqlash to’g’risida”gi buyrug’i. 

Xizmatni ko’rsatish tartibi

Tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarish uchun haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo’yicha o’qishni tugatishi bilan hamda fuqarolarning haydovchilik guvohnomasini va unga ogohlantirish talonini almashtirish bo’yicha shaxsan murojaatlari yuzasidan.

Xizmat nomi

Xorijiy fuqarolar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslar va xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari xodimlariga haydovchilik guvohnomasi va uning talonini berish. 

Xizmatning soxaga tegishliligi

Yo’l harakati xavfsizligi va uni tashkil etish 

Xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Jismoniy shaxslar - Xorijiy fuqarolar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslar va xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari xodimlari. 

Xizmatni ko’rsatuvchi IIVning bo’linmasi

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun xorijiy fuqarolar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslar va xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari xodimlari doimiy yoki vaqtinchalik turar joylaridagi hududiy YHXBning ro’yxatdan o’tkazish-imtihon bo’limida (keyingi o’rinlarda RIB deb ataladi) yoki YHXBBning tumanlararo RIBlarida (keyingi o’rinlarda TRIB deb ataladi) topshiradilar. 

Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar (nusxalar soni)

Haydovchilik guvohnomasini olish (almashtirish) tartibi: 
Xalqaro haydovchilik guvohnomalari O’zbekiston Respublikasi hududida avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi. Yo’l harakati to’g’risidagi konventsiya (Vena, 1968 yil 8 noyabr) talablariga javob beradigan milliy haydovchilik guvohnomalari O’zbekiston Respublikasi hududida ularning belgilangan tartibda tasdiqlangan tarjimasi mavjud bo’lganda haqiqiy hisoblanadi. 
Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari hamda xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar vakolatxonalari va xorijiy davlatlarning hukumat tashkilotlari boshliqlari va boshqa xodimlarining (diplomatik va ma’muriy-texnik xodimlarning), shuningdek O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining Yo’l harakati to’g’risidagi konventsiya (Vena, 1968 yil 8 noyabr) talablariga javob bermaydigan milliy haydovchilik guvohnomalari belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining YHXBBga murojaat qilish sharti bilan almashtiriladi. Xorijiy fuqarolarning ushbu toifasi haydovchilik guvohnomalari imtihonlar topshirilmasdan almashtiriladi. 
Tegishli bitim mavjud bo’lgan taqdirda nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy xodimlariga milliy haydovchilik guvohnomalari O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi orqali O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining YHXBBga murojaat qilish va tibbiy ko’rikdan o’tish sharti bilan O’zbekiston Respublikasining haydovchilik guvohnomalariga almashtirilishi mumkin. Xorijiy fuqarolarning ushbu toifasi haydovchilik guvohnomalarini almashtirish imtihonlar topshirilgandan keyin amalga oshiriladi. 
Boshqa xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning hamda O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalarini almashtirishdan oldin ular YHXBB orqali Tashqi ishlar vazirligida tekshiriladi. Tekshirish natijasida tasdiq olingan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari, ular tibbiy ko’rikdan o’tib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so’ng, O’zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtiriladi. 

a) 3 x 4 sm (haydovchilikka nomzod fuqaro kiyimida suratga tushirilgan bo’lishi kerak) bo’lgan 2 dona fotosurat; 
b) sog’ligi to’g’risida ma’lumotnoma; 
v) bank muassasalariga topshirish va haydovchilik guvohnomasini olish uchun to’lovlar to’langanligi haqidagi to’lov qog’ozi (to’lovlar miqdori O’zbekiston Respublikasi IIV tomonidan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi); 
g) fuqaroning pasporti yoki uning o’rnini bosuvchi boshqa hujjat. 

Xizmatni ko’rsatishni huquqiy asosi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 2 avgustdagi 156-sonli “O’zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari to’g’risi”da Qarori. 

Xizmat narxi va to’lash tartibi

Har bir qayta nazariy imtihon topshirish uchun - eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida; 
Har bir qayta amaliy boshqarishda imtihon topshirish uchun - eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida; 
Chet davlat fuqarosi, fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga va diplomatik xizmat xodimlariga haydovchilik guvohnomalarni hamda unga ogohlantirish taloni berish uchun - eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida.
Izoh: yo’qotilgan haydovchilik guvohnomasi va uning ogohlantirish taloni o’rniga dublikat berish uchun belgilangan to’lov stavkasining 5 baravari miqdorida undiriladi. 
(O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 21 dekabrda 2303-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 noyabrdagi 174-son buyrug’i 

Xizmatni ko’rsatish tartibi

Fuqarolarning haydovchilik guvohnomasini va unga ogohlantirish talonini almashtirish bo’yicha shaxsan murojaatlari asosida. 

Xizmat nomi

YPX patrul avtomobillari ekipaji kuzatuvi orqali xarakatlanish xavfsizligini ta’minlash. 

Xizmatning soxaga tegishliligi

Yo’l harakati xavfsizligi va uni tashkil etish. 

Xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Davlat organlari va yuridik shaxslar. 

Xizmatni ko’rsatuvchi IIVning bo’linmasi

Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari DYHXX boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. 

Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar (nusxalar soni)

Davlat organlari va yuridik shaxslarning, Respublika hududida harakatlanish marshrutlari sanasi, soati va unga ajratilgan transport vositalari haqidagi va boshqa kuzatish haqidagi ma’lumotlar ko’rsatilgan (chiqish raqami, sanasi, rahbarlarning imzosi ko’rsatilgan) yozma murojaatlari. 

Xizmatni ko’rsatishni huquqiy asosi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 18 martdagi 111-F-sonli farmoyishi, 
va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentyabrdagi 414-sonli “Byudjet tashkilotlarini mablag’ bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish haqida ”gi Qarori. 

Xizmat narxi va to’lash tartibi

YPXning bitta patrul avtomobili ekipaji kuzatuvi uchun, 8 soatga yoki xar 360 km.ga eng kam ish haqining 10,5 baravari miqdorida o’rnatilgan. 

Xizmatni ko’rsatish tartibi

Kuzatuvni amalga oshirish kunini belgilashdan 5 ish kuni avval. 

Xizmat nomi

Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo’lgan transport vositalarini va ularga tirkamalarni majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish. 

Xizmatning soxaga tegishliligi

Yo’l harakati xavfsizligi va uni tashkil etish. 

Xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo’lgan va belgilangan tartibda DYHXX organlarida ro’yxatdan o’tkazilgan transport vositalari, shuningdek trolleybuslar va tramvaylar (keyingi o’rinlarda matnda "transport vositalari" deb yuritiladi) majburiy texnik ko’rikdan o’tkazilishi kerak. 
Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik ko’rikdan o’tkazilishi kerak:
a) tijorat asosida yo’lovchilar tashish uchun foydalaniladigan engil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o’tiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq bo’lgan (haydovchining o’rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og’ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar - bir yilda ikki marta; 
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan ko’p bo’lmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning "a" kichik bandida ko’rsatilgan transport vositalaridan tashqari) - ikki yilda bir marta; 
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq bo’lgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning "a" kichik bandida ko’rsatilgan transport vositalaridan tashqari) - bir yilda bir marta; 
g) tirkamalar ko’rikka transport vositasi - shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi. 
DYHXX organlarida ro’yxatdan o’tkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik ko’rikdan o’tkazilmaydi, mazkur bandning "a" kichik bandida ko’rsatilganlardan tashqari. 
Yuqoridagi "a" kichik bandida ko’rsatilgan transport vositalarining texnik ko’rigi: 
birinchi marta - 1 mart - 30 iyunda; ikkinchi marta - 1 sentyabr - 31 oktyabrda o’tkaziladi. 
Yuridik shaxslarga qarashli bo’lgan transport vositalarining texnik ko’rigi 1 mart - 30 iyunda o’tkaziladi. 
Jismoniy shaxslarga qarashli bo’lgan transport vositalarining texnik ko’rigi 1 yanvar - 31 avgustda o’tkaziladi. 

Xizmatni ko’rsatuvchi IIVning bo’linmasi

Transport vositalarining majburiy texnik ko’rigi O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati organlari (keyingi o’rinlarda matnda "DYHXX" deb yuritiladi) tomonidan o’tkaziladi. 

Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar (nusxalar soni)

Texnik ko’rikdan o’tkazish uchun transport vositasi egasi yoki uning vakolatli shaxsi tomonidan quyidagi hujjatlar ko’rsatiladi: 
-pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat (harbiy xizmatchilar - shaxsiy guvohnoma va turar joyidan ma’lumotnoma; O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xorijiy tashkilotlar xodimlari - O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida yoki Adliya vazirligida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan xalqaro va xorijiy tashkilotlar xodimlari tegishli ravishda Tashqi ishlar vazirligi yoki Adliya vazirligi tomonidan akkreditatsiya qilinganligi to’g’risida belgi qo’yilgan akkreditatsiya kartochkalari va milliy pasportlari; boshqa xorijiy fuqarolar - ichki ishlar organlarida ro’yxatdan o’tkazilganligi to’g’risida belgi qo’yilgan milliy pasportlari yoki O’zbekiston Respublikasida yashash ruxsatnomasi; fuqaroligi bo’lmagan shaxslar - O’zbekiston Respublikasida yashash ruxsatnomasi); 
-texnik ko’rikdan o’tkazishga berilgan transport vositasiga muvofiq toifadagi transport vositasini boshqarish huquqiga haydovchi guvohnomasi; 
-transport vositasining ro’yxatdan o’tkazilgani to’g’risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon); 
-transport vositasini boshqarishga yaroqlilik to’g’risida belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma; 
--"Sanoatgeokontexnazorat" davlat inspektsiyasining gaz ballonlarini sinovdan o’tkazish huquqini beruvchi ruxsatnomasi mavjud bo’lgan tashkilot tomonidan gaz yonilg’isida ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalarining gaz ballonlari sinovdan o’tkazilganligi to’g’risidagi dalolatnoma;
-sertifikatlashtirish organi tomonidan berilgan gaz yonilg’isida ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalariga o’rnatilgan gaz ballonlarining muvofiqlik sertifikati nusxasi; 
-texnik ko’rikdan o’tish uchun belgilangan yig’im summasi to’langanligini tasdiqlovchi hujjat (to’lov topshiriqnomasi, kvitantsiya); 
-texnik ko’rikdan o’tkazish shoxobchasining transport vositasining texnik holati to’g’risidagi ma’lumotnomasi - shunday ma’lumotnoma bo’lganda. 
Yuridik shaxsga texnik ko’rik o’tkaziladigan muddatlar to’g’risidagi bildirishnoma yuboriladi, unga transport vositalari guruhlari (3-ilova) yoki alohida transport vositasi (4-ilova) texnik ko’rik dalolatnomasi blanklari ilova qilinadi. Texnik ko’rik dalolatnomalari blanklari talab etiladigan ma’lumotlar ko’rsatilgan holda (texnik holat to’g’risidagi ma’lumotlardan tashqari) transport vositalari ro’yxatiga muvofiq to’ldiriladi. Transport vositalari guruhining texnik ko’rigi dalolatnomasida ko’rsatilgan transport vositalari to’g’risidagi ma’lumotlar DYHXXning tegishli organlarida hisobga olish ma’lumotlari bilan taqqoslanadi. 
1. Texnik ko’rik boshlanishidan kamida o’n kun oldin yuridik shaxs DYHXXning hududiy organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: 
-yuridik shaxsning rahbari, bosh buxgalter (bosh buxgalter funktsiyasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolangan, yuridik shaxsning muhri bilan tasdiqlangan texnik ko’rik dalolatnomasining bir nusxasi; 
-texnik ko’rikdan o’tkazganlik uchun yig’imning belgilangan summasi to’langanligini tasdiqlovchi hujjat (to’lov topshirig’i, kvitantsiya); 
-mukammal ta’mirlashda, xizmat safarida bo’lgan, ijaraga berilgan yoki sotishga qo’yilgan transport vositalari sonini tasdiqlovchi ma’lumotlar; 
-gaz yonilg’isida ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalariga o’rnatilgan gaz ballonlarining amaldagi davlat standartlariga mosligi haqidagi sertifikatlashtirish organi tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikati nusxasi; 
-"Sanoatgeokontexnazorat" davlat inspektsiyasining gaz ballonlarini sinovdan o’tkazish huquqini beruvchi ruxsatnomasi mavjud bo’lgan tashkilot tomonidan gaz yonilg’isida ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalarining gaz ballonlari sinovdan o’tkazilganligi to’g’risidagi dalolatnoma nusxasi. 

Xizmatni ko’rsatishni huquqiy asosi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 31 yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori. 

Xizmat narxi va to’lash tartibi

-Transport vositalari texnik ko’rikdan o’tkazilganligi uchun (mototransport, tirkamalar va yarim tirkamalardan tashqari) eng kam oylik ish haqining o’ndan bir qismi miqdorida yig’im undiriladi. 
-Yuqoridagi "a" kichik bandida ko’rsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik ko’rikdan o’tkazilganligi uchun yig’im undirilmaydi. 
-Mototransport, tirkamalar, yarimtirkamalar texnik ko’rikdan o’tkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yigirmadan biri miqdorida yig’im undiriladi. 
-Birinchi (oldingi) texnik ko’rikda nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik ko’rikdan o’tkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yig’im undiriladi. 
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 21 dekabrda 2303-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 noyabrdagi 174-sonli “Ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilarini va qat’iy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni ro’yxatdan o’tkazishda, qayta ro’yxatdan o’tkazishda, majburiy texnik ko’rikdan o’tkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan to’lovlar stavkalarini tasdiqlash to’g’risida”gi buyrug’i. 

Xizmatni ko’rsatish tartibi

Majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish (jonli) navbat bilan (o’rtacha 20 daqiqa davomida) amalga oshiriladi. 

Ohirgi o'zgarish: 30.08.2016 15:49